O‘zbekistonda bankomat xizmatlari yaxshilanadi. Markaziy bank ko‘rsatmalar berdi

eʼlon qilindi
Endilikda bankomatlardagi nosozliklar sababli yuzaga kelgan muammolar mijoz zarariga hal etilmasligi lozim
Foto: Pexels.com

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bankomat infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha yangi ko‘rsatmalar berdi. Unda naqd pul yechish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va mijozlar huquqlarini himoya qilish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.

Markaziy bank bayonotiga ko‘ra, bank kartasidan mablag‘ yechilib, naqd pul berilmasligi yoki amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlanib, xizmat haqi ushlab qolinishi kabi holatlar endilikda jiddiy ko‘rib chiqiladi. Mijoz kartasi bankomatda qolib ketgan holatlarda ham tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari muammoni hal etish o‘rniga, mas’uliyatni bir-biriga yuklashi kuzatilmoqda. Ushbu holatlarga barham berish maqsadida regulyator qator yangi tavsiyalar berdi.

Foto: Pexels.comiy bank

Unga ko‘ra, bankomatlarda muammo yuzaga kelganda mijozning harakatlar ketma-ketligi aniq ko‘rsatilishi, xizmat haqlari bo‘yicha to‘liq va shaffof ma’lumotlar oldindan taqdim etilishi kerak. Shuningdek, pul berilmasligi yoki kartani ushlab qolish kabi murojaatlar ustuvor hisoblanib, mijozlarga murojaatni qabul qilinganini tasdiqlovchi identifikatsion raqam taqdim etilishi shart qilib belgilandi.

Alohida e’tibor qaratilgan jihatlardan biri shuki, agar muammoni bankning ichki tizimlari (kamera videolari, inkassatsiya dalolatnomasi) orqali hal qilish imkoni bo‘lsa, mijozlarni bank idoralariga qayta chaqirish man etiladi. Muvaffaqiyatsiz operatsiyalarda ushlab qolingan vositachilik haqlari esa mijozga avtomatik ravishda qaytarilishi kerak.

Shuhratbek Qurbonov / Foto: LinkedIn

Bu hujjat bo‘yicha TBC Bank boshqaruvi raisining sobiq maslahatchisi hamda Humo to‘lov tizimi sobiq rahbari Shuhratbek Qurbonov ham o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bankomatlarda texnik muammolar uchrashi tabiiy hol, biroq bu masalani tezkor hal etish muhim.

«Texnik nosozliklar hammada bo‘ladi, lekin ularning mavjudligi bankni yomon qilmaydi. Bankni yomon qiladigan narsa — uning ushbu muammoni qanday hal etishidadir», – dedi Qurbonov.

Shuhratbek Qurbonov amaldagi byurokratik jarayonlarni ham tanqid qildi.

«Mijoz ikki kun davomida tizimdan o‘z pulini qidiradi, keyin esa qaytarish jarayoni kamida bir kun oladi. Odam to‘g‘ri ma’noda o‘z pullarining orqasidan yugurishga majbur», – deya qo‘shimcha qildi Qurbonov.

U to‘lov tizimlari tomonidan qat’iy standartlar ishlab chiqilishi va jarayonni kechiktirgan banklarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi, hatto «noqulayliklar uchun uzr so‘rash» to‘lovlari amaliyotini kiritish lozimligini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonda kartaga naqd pul kiritish komissiyasi bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek