Prezident Butunjahon urbanizatsiya forumida ishtirok etdi

Ozarbayjonning Boku shahrida BMT shafeligida Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
Tadbir BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi — UN-Habitat shafeligida tashkil etilgan. Boku shahridagi Kongress-markazida davlat rahbarini Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax kutib oldi. Shundan so‘ng forum ishtirokchilarining birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi forum «Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar» mavzusiga bag‘ishlangan. Unda davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish institutlari vakillari qatnashmoqda.
Forum kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan ta’minlash, shahar muhiti sifatini yaxshilash, iqlim barqarorligini mustahkamlash, shuningdek, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. Bundan tashqari, uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ham muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston prezidenti forum doirasida o‘tayotgan Yetakchilar sammitida ham nutq so‘zlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida 2027-yilni «Tabiatni asrash yili» deb nomlashni taklif qilgan edi.