“Qamchiq” dovonida adashib qolgan yetti nafar fuqaro qutqarildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari «Qamchiq» dovonida tog‘da adashib qolgan yetti nafar fuqarolarni xavfsiz hududga olib chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, voqea 16-may kuni soat 19:45 larda sodir bo‘lgan. «Qamchiq» dovonidagi toqqa sayr qilish uchun chiqqan 7 nafar fuqaro yo‘ldan adashib, tog‘dan tusha olmay qolgan. Bu haqda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Xabardan so‘ng FVV qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan va hududda qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Natijada adashib qolgan fuqarolar topilib, sog‘-salomat holda xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FVV qutqaruvchilari «Qamchiq» dovonida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki nafar fuqaroning hayotini saqlab qolgan edi.