Gadjetlar

RedMagic 11S Pro va 11S Pro+ taqdim etildi

Qurilmalar Snapdragon 8 Elite Gen 5 Leading Version chipida ishlaydi
Foto: Red Magic

RedMagic brendi Xitoyda RedMagic 11S Pro va 11S Pro+ modellarini namoyish qildi. Bu haqda GSMArena nashri xabar bermoqda.

Yangi qurilmalar Snapdragon 8 Elite Gen 5 Leading Version chipida ishlaydi. Uning chastotasi 4,74 GHz gacha yetadi. Bu chipning o‘xshash talqini Galaxy S26 Ultra smartfonida Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy nomi bilan qo‘llanadi.

RedMagic 11S Pro 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. U 80 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. RedMagic 11S Pro+ esa 7500 mA/soat akkumulyatorga ega. Ushbu versiyada 120 W simli va 80 W simsiz quvvatlash mavjud.

Foto: RedMagic

Smartfonlar sovitish tizimi bilan ham farqlanadi. RedMagic 11S Pro+ modelida 24 ming aylanish tezligigacha ishlaydigan ventilyator va suyuqlik bilan sovitish tizimi qo‘llangan. Pro versiyasida esa asosiy sovitish vazifasini kuler bajaradi. Har ikki model IPX8 himoyasiga ega.

Qurilmalar 6,85 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlangan. Displey 1,5K aniqlik, 144 Hz yangilanish chastotasi va 2000 nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Ekranda kesik yoki teshik yo‘q. 16 MP old kamera displey ostiga joylashtirilgan.

Foto: RedMagic

Barmoq izi skaneri ham ekran ostida joylashgan. Asosiy kamera uchta moduldan iborat. Unda 50 MP, 50 MP va 2 MP sensorlar mavjud. Smartfonlarda 3,5 mm audio ulagich ham saqlab qolingan. RedMagic 11S Pro‘ning 12/256 GB versiyasi $810 narxda baholandi. RedMagic 11S Pro+’ning xuddi shu xotira talqinidagi narxi $910 ni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri RedMagic 11 Air smartfoni xalqaro bozorga chiqarilgani haqida yozgan edi.