Samsung kompaniyasida ommaviy ish tashlashlar, prezidentning Bokuga tashrifi — 18-may kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar

Samsung kompaniyasida ommaviy ish tashlashlar, prezidentning Bokuga tashrifi — 18-may kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Biz endigina yo‘lning boshidamiz — Saida Mirziyoyeva UzNIF IPO’siga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zladi

London fond birjasida UzNIF birinchi xalqaro ro‘yxatga kiritilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Saida Mirziyoyeva nutq so‘zlab, O‘zbekiston iqtisodiyotining ochiqligi va global integratsiyasiga urg‘u berdi.
Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida O‘zbekistonning so‘nggi to‘qqiz yil ichida sezilarli o‘zgarishlarga erishganini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakat yopiq tizimdan raqobatbardosh va sarmoyaga ochiq holatga o‘tgan.
Xivada ayolning shaxsiy tasvirlarini tarqatish bilan qo‘rqitgan erkak ushlandi

Xiva shahrida ayolning shaxsiy tasvirlarini tarqatish bilan qo‘rqitgan erkak ushlandi. Bu haqda Xorazm IIB Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, Xiva tumanida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan erkak 1986-yilda tug‘ilgan ayol bilan tanishgan. U ayolning ishonchiga kirib, uning shaxsiy hayotiga oid foto va video tasvirlarni qo‘lga kiritgani aytilmoqda. Keyinchalik erkak ushbu tasvirlarni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish bilan qo‘rqitgan. U ayolning ruhiy holatidan foydalanib, tovlamachilik yo‘li bilan pul va taqinchoq talab qilgan.
Prezident Butunjahon urbanizatsiya forumida ishtirok etdi

Ozarbayjonning Boku shahrida BMT shafeligida Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
Tadbir BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi — UN-Habitat shafeligida tashkil etilgan. Boku shahridagi Kongress-markazida davlat rahbarini Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax kutib oldi. Shundan so‘ng forum ishtirokchilarining birgalikda suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tirik baliq, chorva mollari va asalarilar uchun ham QQS bekor qilinadi

O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) nol stavkada qo‘llanadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi. Ro‘yxatga tirik baliq, chorva mollari va asalarilar ham qo‘shilgan.
Soliq qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat 518 ta banddan iborat. Unga meva, sabzavot, poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar, go‘sht, sut va baliq mahsulotlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlari ko‘chatlari kiritilgan.
Samsung ommaviy ish tashlashlar sabab kuniga 668 mln dollar zarar ko‘rishi mumkin

Samsung Electronics kompaniyasining eng yirik kasaba uyushmasi 18-may kuni menejerlar bilan yangi muzokaralar raundini o‘tkazadi. Ishchilar xotira chiplari taqchilligi fonida rekord darajadagi daromad olayotgan kompaniyadan ko‘proq moliyaviy bonuslar talab qilmoqda. Bu haqda The Japan Times xabar bermoqda.
Agar kelishuvga erishilmasa, kasaba uyushmasi 21-may kuni keng ko‘lamli ish tashlash boshlash bilan tahdid qilmoqda. Birlashma vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 40 mingdan ortiq ishchilar unda ishtirok etishga rozi bo‘lgan.
Guanchjoudan Toshkentga parvoz qiluvchi samolyotni yashin urdi

Centrum Air kompaniyasiga tegishli Guanchjoudan Toshkentga parvoz qiluvchi samolyotni yashin urdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aviakompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avvalgi reys vaqtida havo kemasini chaqmoq urgan. Shu sababli samolyot xavfsizlik talablari va amaldagi aviatsiya standartlariga muvofiq parvozlardan zudlik bilan chetlashtirilgan.
23 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi qiymati 23 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida xarid jarayonlari doimiy o‘rganib borilmoqda. Tahlillar davomida bir nechta buyurtmachi tashkilotlar o‘tkazgan tanlov savdolarida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya qilinmagani aniqlangan.
Telegram dunyoning eng ta’sirli 100 kompaniyasi qatoriga kirdi — Time

Pavel Durov asos solgan Telegram messenjeri Time jurnali tuzgan dunyoning eng ta’sirli 100 kompaniyasi ro‘yxatiga kiritildi. Platforma «Bozorni o‘zgartirayotgan kompaniyalar» toifasidan joy oldi.
Telegram bilan bir qatorda Kalshi, Palantir, Mistral va TikTok ham ushbu yo‘nalishga kiritilgan.
O‘zbekistonda bankomat xizmatlari yaxshilanadi. Markaziy bank ko‘rsatmalar berdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlariga bankomat infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha yangi ko‘rsatmalar berdi. Unda naqd pul yechish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va mijozlar huquqlarini himoya qilish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.
Markaziy bank bayonotiga ko‘ra, bank kartasidan mablag‘ yechilib, naqd pul berilmasligi yoki amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlanib, xizmat haqi ushlab qolinishi kabi holatlar endilikda jiddiy ko‘rib chiqiladi. Mijoz kartasi bankomatda qolib ketgan holatlarda ham tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari muammoni hal etish o‘rniga, mas’uliyatni bir-biriga yuklashi kuzatilmoqda. Ushbu holatlarga barham berish maqsadida regulyator qator yangi tavsiyalar berdi.
Zominda noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlandi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlandi. Bu haqda «Zamon» ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.
Xabar berilishicha, Nihol mahallasida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan shaxs o‘z xonadonida moddiy manfaat evaziga diniy ta’lim bergan. U Andijon shahridagi Sog‘lom turmush mahallasida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan fuqaro bilan birga dars o‘tgan. Diniy ta’lim shu yil 20-fevraldan buyon hujra sharoitida olib borilgani aytilmoqda.
Yeridan ayrilgan fermerlarga qo‘llanayotgan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi

Yer maydoni qaytarib olingan ayrim fermer xo‘jaliklari jarimaga duch kelmoqda. Savdo-sanoat palatasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda fermerlarning ko‘pi xo‘jalik yeridan ayrilgach, yuridik shaxs ham avtomatik tugatiladi deb o‘ylayotgani bildirildi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yer uchastkasi qaytarib olingani fermer xo‘jaligining avtomatik tugatilishini anglatmaydi. Yuridik shaxsni tugatish alohida tartibda amalga oshiriladi va buning uchun ma’lum vaqt talab etiladi.