Samsung ommaviy ish tashlashlar sabab kuniga 668 mln dollar zarar ko‘rishi mumkin

eʼlon qilindi
Janubiy Koreya Bosh vaziri ish tashlash oqibatlari juda og‘ir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi
Foto: Reuters / Kim Hong-Ji / File Photo

Samsung Electronics kompaniyasining eng yirik kasaba uyushmasi 18-may kuni menejerlar bilan yangi muzokaralar raundini o‘tkazadi. Ishchilar xotira chiplari taqchilligi fonida rekord darajadagi daromad olayotgan kompaniyadan ko‘proq moliyaviy bonuslar talab qilmoqda. Bu haqda The Japan Times xabar bermoqda.

Agar kelishuvga erishilmasa, kasaba uyushmasi 21-may kuni keng ko‘lamli ish tashlash boshlash bilan tahdid qilmoqda. Birlashma vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 40 mingdan ortiq ishchi unda ishtirok etishga rozi bo‘lgan.

Janubiy Koreya bosh vaziri Kim Min Sok vaziyatga e’tibor qaratib, bo‘lajak muzokaralar tomonlar kelishuvga erishishi uchun so‘nggi imkoniyat ekanini ta’kidladi. Uning prognoziga ko‘ra, Samsung zavodlarining har bir kunlik to‘xtab qolishi kompaniyaga 1 trln von ($668 mln) atrofida zararga tushishi mumkin.

«Jamoatchilik bilan birgalikda Samsung rahbariyati va kasaba uyushmasini ertangi vositachilik davrida, de-fakto oxirgi imkoniyat bo‘lgan natijalarga erishishga chaqiramiz. Agar ish tashlash ro‘y bersa, biz duch keladigan iqtisodiy zarar tasavvur qilib bo‘lmas darajada bo‘ladi», — dedi Janubiy Koreya bosh vaziri.

Samsung va kasaba uyushmasi o‘rtasidagi ziddiyat shu yilning aprel oyida kuchaygan. Ishchilar xotira chiplari taqchilligi tufayli rekord darajadagi foyda ko‘rayotgan korporatsiya oddiy xodimlarning maoshini oshirmayotganini adolatsizlik deb hisoblamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat ish tashlash huquqini mustahkamlovchi qonunni ma’qullagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek