Tadbirkordan 5 ming dollar talab qilgan «Energosavdo» yuriskonsulti qo‘lga olindi

Andijon viloyatida tadbirkordan $5 ming talab qilgan «Energosavdo» yuriskonsulti qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «Energosavdo» filiali Andijon bo‘linmasi yetakchi yuriskonsulti pishloq ishlab chiqaruvchi MCHJdan $5 ming talab etgan. U korxonaga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha hisoblangan 788,4 mln so‘mlik moddiy zararni bartaraf etib berishini aytgan.
Ushbu zarar elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish holati bo‘yicha hisoblangan. Joriy yil 1-may kuni yuriskonsult so‘ralgan pulning $500 qismini olgani aytilmoqda. Keyinroq DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida u qolgan $4,5 mingni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirda yuriskonsultga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Afg‘onistondan olib kirilgan qariyb 600 kg giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolingani haqida yozgan edi.