Toshkentda 2,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 2,4 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Tekshiruv davomida Qoratosh ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish maskani va novvoyxona o‘rganilgan. Ushbu obyekt fuqaroga tegishli ekani aytilmoqda. Xatlov vaqtida iste’molchi avval gaz tarmog‘idan ajratilganiga qaramay, o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa qayta ulanib olgani aniqlangan.
Shuningdek, binoga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasi nosoz holatda bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Uskunadagi bir martalik tamg‘aga tashqi ta’sir o‘tkazilgani ham qayd etilgan. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzildi. Qayta hisob-kitob natijasida yetkazilgan zarar 2 mlrd 463 mln so‘m deb baholandi. To‘plangan barcha hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xivada ayolning shaxsiy tasvirlarini tarqatish bilan qo‘rqitgan erkak ushlangani haqida yozgan edi.