Trampning Oq uy bal zali loyihasi federal mablag‘siz qoldi

eʼlon qilindi
Tramp avvalroq $400 mlnlik bal zali xususiy donorlar hisobidan moliyalashtirilishini aytgan edi
Trampning Oq uy bal zali loyihasi federal mablag‘siz qoldi
Foto: Getty images

AQSh Senatining qoidalar bo‘yicha mas’ul rasmiysi prezident Donald Trampning Oq uyda bal zali qurish loyihasi uchun ajratilishi ko‘zda tutilgan federal xavfsizlik mablag‘ini xarajatlar paketidan chiqarib tashladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Tramp avvalroq $400 mlnlik bal zali xususiy donorlar hisobidan moliyalashtirilishini aytgan edi. Biroq respublikachilar Maxfiy xizmat xavfsizlik infratuzilmasini yangilash uchun ko‘zda tutilgan $1 mlrdlik mablag‘ning bir qismini Oq uyning Sharqiy qanotidagi ta’mirlash ishlariga yo‘naltirmoqchi bo‘lgan.

Respublikachilar bu mablag‘ prezident xavfsizligini kuchaytirish uchun zarurligini bildirgan. Aprel oyida Tramp qatnashgan gala tadbirda otishma sodir bo‘lganidan keyin xavfsizlik masalasi yana kun tartibiga chiqqan.

Foto: BBC

Senat parlamentariysi Elizabet Makdono shanba kuni ushbu band belgilangan tartibga mos kelmasligini ma’lum qildi. Uning xulosasiga ko‘ra, bu mablag‘ Senatning Adliya qo‘mitasi vakolatidan tashqaridagi ishlarni qamrab oladi.

Oktabr oyida qurilish brigadalari tarixiy Sharqiy qanot qismlarini buzishni boshlagan edi. Milliy tarixiy merosni saqlash jamg‘armasi ma’muriyatni sudga bergan. Tashkilot Kongress roziligisiz bunday buzish va qayta qurish ishlari qonunga zid ekanini da’vo qilmoqda. Biroq apellyatsiya sudi aprel oyida yerosti va yer usti qurilish ishlarini davom ettirishga ruxsat bergan.

Bal zali loyihasi Trampning Vashingtondagi inshootlar va muassasalarni qayta ko‘rinishga keltirish rejalari doirasidagi tashabbuslardan biridir. Avvalroq u Oval kabinetga oltin bezaklar qo‘shgan, Oq uy atirgul bog‘i o‘rnida Mar-a-Lago uslubidagi patio tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp va Netanyahu Eron bilan urush qayta boshlanishi ehtimolini muhokama qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek