Avto

Xiaomi YU7 GT avtomobili qachon taqdim etiladi

Xiaomi Auto 2026-yil aprel oyida Xitoyda 36,7 mingta avtomobil sotgan
Xiaomi YU7 GT avtomobili qachon taqdim etiladi
Foto: CarNewsChina

Xiaomi kompaniyasi tomonidan yangi Xiaomi YU7 GT avtomobili 21-may kuni Xitoyda taqdim etiladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model yuqori unumdorlikka ega SUV sifatida ishlab chiqilgan. Taqdimot Pekin vaqti bilan 19:00 da boshlanadi. Unda Xiaomi YU7 GT bilan birga kompaniyaning boshqa ekotizim mahsulotlari ham namoyish qilinadi. Kompaniya tadbirda Xiaomi 17 Max smartfoni, ilk clip-on quloqchinlari, Xiaomi Band 10 Pro va yangi aqlli uy qurilmalarini ham taqdim etishi kutilmoqda.

Foto: Xiaomi

Xiaomi YU7 GT avvalroq rasmiy suratlarda Crimson Red rangida ko‘rsatilgan edi. Model Nürburgring trassasi uchun sozlangan yo‘nalishga ega sport SUV sifatida ta’riflanmoqda. Xiaomi Auto ma’lumotiga ko‘ra, YU7 GT ikki motorli to‘liq yuritma tizimi bilan jihozlanadi. Old motor 288 kW, orqa motor esa 450 kW quvvat ishlab chiqaradi.

Umumiy quvvat 990 ot kuchiga yetadi. Kompaniya avtomobilning maksimal tezligi 300 km/soat bo‘lishini bildirmoqda. Elektromobil CLTC sikli bo‘yicha bir quvvatlanishda 705 kmgacha masofa bosib o‘tishi mumkin.

Tashqi dizaynda Xiaomi SU7 sedanida qo‘llangan uslub davom ettirilgan. Old qismda brendga xos «tomchi» shaklidagi faralar, yirik old splitter va sportga xos elementlar bor. Yon tomondan YU7 GT past aerodinamik qarshilikka ega kuzov, ramkasiz tashqi oynalar va kuzovga yashirilgan elektr eshik tutqichlari bilan ajralib turadi.

Foto: Xiaomi

Shuningdek, Xiaomi 21-maydagi tadbirda YU7’ning arzonroq versiyasini ham namoyish qilishi mumkin. Avvalgi tartibga soluvchi hujjatlarda ushbu modelning texnik ko‘rsatkichlari va g‘ildirak variantlari qayd etilgan edi.

China EV DataTracker ma’lumotiga ko‘ra, Xiaomi Auto 2026-yil aprel oyida Xitoyda 36,7 mingta avtomobil sotgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 28,4 foizga ko‘p. Shu oyda Xiaomi Xitoyning yo‘lovchi yangi energiya avtomobillari bozorida 2,6 foiz ulushga ega bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi flagman smartfonlar qimmatlashishidan ogohlantirgani haqida yozgan edi.