
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Kubogining mavsum ramziy terma jamoasidan joy oldi. Sofascore portali mavsum davomida barqaror o‘yin ko‘rsatgan Husanovning harakatlarini 7,32 ball bilan baholagan.
Ramziy terma jamoaning asosiy qismini «Manchester Siti» va «Chelsi» futbolchilari tashkil qildi. Eng yuqori baholardan biri «Chelsi» himoyachisi Tosin Adarabioyoga berildi. U 7,74 ball oldi. «Lids» darvozaboni Lukas Perri esa 7,73 ball bilan baholandi.

Ramziy jamoa darvozasidan Lukas Perri joy oldi. Himoya chizig‘iga Mark Gehi, Tosin Adarabioyo va Abduqodir Husanov kiritildi. Yarim himoyada Andrey Santos, Niko Gonsales, Jeremi Doku, Enso Fernandes, Pedro Netu va Antuan Semenyo qayd etildi. Hujum chizig‘idan esa Erling Holand o‘rin oldi.
Ma’lumot uchun, Angliya Kubogining yakunlangan mavsumida «Manchester Siti» chempion bo‘ldi. Pep Gvardiola jamoasi finalda «Chelsi»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdagi yagona gol 72-daqiqada Antuan Semenyo tomonidan kiritilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri Husanov Angliya kubogi sohibiga aylangani haqida yozgan edi.