Eron uranni Rossiyaga topshirishni taklif qilgani aytilmoqda

eʼlon qilindi
Tehron yangi 14 bandlik tinchlik rejasini Pokiston vositachisiga topshirgani xabar qilingan
Eron uranni Rossiyaga topshirishni taklif qilgani aytilmoqda
Foto: AZoSensors

Eronning tinchlik bo‘yicha yangilangan taklifida boyitilgan uran zaxirasini AQShga emas, Rossiyaga topshirish sharti borligi xabar qilindi. Bu haqda Al Arabiya manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron AQSh bilan urushni tugatish bo‘yicha 14 banddan iborat yangi reja tayyorlagan. Ushbu taklif Pokiston vositachilariga yuborilgani aytilmoqda. Al Arabiya tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Tehron atom dasturini to‘liq tugatish o‘rniga uzoq muddatli yadro muzlatish rejimiga rozi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Eron urushdagi zarar uchun kompensatsiya emas, iqtisodiy imtiyozlar talab qilmoqda.

Eronning yarim rasmiy Tasnim agentligi ham Tehron yangi 14 bandlik tinchlik rejasini Pokiston vositachisiga topshirganini xabar qildi. Agentlik Eron muzokara guruhiga yaqin manbaga tayanmoqda. Manbaga ko‘ra, AQSh avval Eronning oldingi 14 bandlik taklifiga javoban o‘z loyihasini yuborgan. Shundan so‘ng Tehron ayrim tuzatishlar kiritib, yangi taklifni Pokistonga yetkazgan.

Tasnim manbasi Eronning yangi loyihasi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar va AQShning ishonchni mustahkamlash choralariga qaratilganini bildirdi. Alohida xabarda Tasnim AQShning so‘nggi taklifida Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni muzokaralar davrida bekor qilish imkoniyati tilga olinganini yozdi. Manbaga ko‘ra, bu avvalgi takliflardan farq qiladi.

Eron, AQSh va Isroil 8-aprel kuni sulhga kelishgan edi. Mojaro 28-fevralda AQSh va Isroilning Eronga zarbalari bilan boshlanib, 40 kun davom etgan. Sulhdan keyin Eron va AQSh delegatsiyalari 11-12-aprel kunlari Pokiston poytaxti Islomobodda muzokara o‘tkazgan. Biroq tomonlar kelishuvga erisha olmagan.

So‘nggi haftalarda Tehron va Vashington Pokiston vositachiligida bir necha tinchlik taklifini almashgani aytilmoqda. Ushbu rejalar mojaroni diplomatik yo‘l bilan tugatish shartlarini belgilashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp va Netanyahu Eron bilan urush qayta boshlanishi ehtimolini muhokama qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek