
Buxarestda bo‘lib o‘tayotgan Super Chess Classic Romania 2026 turnirining beshinchi turida O‘zbekiston vakili Javohir Sindarov fransiyalik Alirizo Firuja bilan murosa yo‘lini tanladi. Bu haqda UzChess xabar bermoqda.
Tur oldidan Firujaning ahvoli diqqat markazida bo‘ldi. To‘pig‘idan olgan jarohati tufayli fransiyalik grossmeyster odatiy zalda o‘ynay olmadi va partiyani mehmonxonada, yotoqda yotgan holda o‘tkazdi. Firujaning ta’kidlashicha, shifokor unga faqat shunday holatda o‘ynashga ruxsat bergan.

Sindarovga qarshi partiya Firuja uchun qiyin kechdi. 30-yurishdan so‘ng u noqulay vaziyatga tushib qoldi va vaqt bo‘yicha ham raqibidan 16 daqiqa ortda borayotgan edi. Firuja qatorasiga uchinchi marta mag‘lub bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lsa-da, oxir-oqibat u o‘yin oxirida qarshi hujumga o‘tib, mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Sindarov uchun bu partiya Da’vogarlar turniridan keyin klassik shaxmatdagi ilk g‘alaba bo‘lishi mumkin edi. Biroq, o‘zbekistonlik shaxmatchi ustunlikni saqlab qola olmadi va uchrashuv durang bilan yakunlandi.

Beshinchi turning barcha besh partiyasi durang bilan yakunlandi. Vinsent Kaymer 3,5 ochko bilan yakkapeshqadamlikni saqlab qoldi va Anish Giri, Yorden van Forest hamda Rameshbabu Pragnanandxadan yarim ochko oldinda bormoqda.
Oltinchi tur chorshanba, 20-may kuni bo‘lib o‘tadi. Fabiano Karuana va Javohir Sindarov o‘rtasidagi uchrashuv turning markaziy partiyalaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, turnir peshqadami Vinsent Kaymer Alirizo Firuja bilan kuch sinashadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov Grand Chess Tour’ning ilk turida durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.