Gadjetlar

Oppo Reno16 seriyasi 25-may kuni taqdim etiladi

Oppo Bubble nomli yangi aksessuarni ham taqdim etadi
Oppo Reno16 seriyasi 25-may kuni taqdim etiladi
Foto: Oppo

Oppo kompaniyasi Oppo Reno16 seriyasining taqdimot sanasini rasman e’lon qildi. GSMArena ma’lumotiga ko‘ra, yangi smartfonlar 25-may kuni Xitoyda namoyish etiladi.

Taqdimotda Oppo Reno16 va Reno16 Pro modellari bilan birga Oppo Pad 6 plansheti, Oppo Enco Air 5s simsiz quloqchini ham ko‘rsatiladi. Kompaniya, shuningdek, Oppo Bubble nomli yangi aksessuarni ham taqdim etadi.

Oppo‘ning Xitoydagi rasmiy onlayn do‘konida yangi qurilmalar uchun oldindan buyurtma qabul qilish boshlangan. Kompaniya Reno16 seriyasi 200 megapikselli uchta orqa kameraga ega bo‘lishini tasdiqladi. Reno16 Pro modeli Heartbeat, Dream Blue va Moonlit Black ranglarida sotuvga chiqadi. Reno16 Pro 12/256 GB, 12/512 GB va 16/512 GB xotira talqinlarida taklif etiladi.

Foto: Oppo

Oddiy Reno16 modeli esa Heartbeat, Moonlit Black va Galaxy Purple ranglarida chiqariladi. Ushbu smartfon 12/256 GB, 12/512 GB, 16/256 GB, 16/512 GB va 16 GB/1 TB talqinlarida sotiladi. Oppo Reno16 seriyasi uchun Bubble nomli yangi aksessuar ham tayyorlagan. U smartfonning orqa qismiga ulanadi va dumaloq displeyga ega bo‘ladi.

Ushbu orqa ekran asosiy kameralar orqali selfi olishda ko‘rish oynasi vazifasini bajarishi mumkin. Oppo Bubble orqa qismida magnitli ulanishni qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa telefonlar bilan ham ishlashi ehtimoli bor.

Foto: Oppo

Kompaniya Oppo Pad 6 planshetining ayrim xususiyatlarini ham ochiqladi. Planshet 3K aniqlikdagi displey, 10 420 mA/soat sig‘imli batareya va MediaTek Dimensity 9500s chipi bilan jihozlanadi.

Oppo Enco Air 5s quloqchini haqida hozircha kam ma’lumot berilgan. Kompaniya qurilma zaryadlash qutisi bilan birga 48 soatgacha ishlashini ma’lum qildi. Quloqchin yarim ochiq dizaynga ega bo‘ladi. Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Reno16 Pro 6,78 dyuymli LTPO displey, Dimensity 9500s protsessori va 7 000 mA/soat batareya bilan jihozlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oppo Find X9 Ultra Yevropada katta talabga ega bo‘lgani haqida yozgan edi.