Yer uchastkasi ijara shartnomasini uzaytirish tartibi tasdiqlandi

«Yer uchastkasining ijara shartnomasini yangi muddatga uzaytirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Hujjat yer ijara shartnomasini uzaytirish bo‘yicha murojaatlar va uni ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, ariza beruvchilar ijara muddatini uzaytirish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin.
Arizaga avval rasmiylashtirilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi, shuningdek, agar boshqa shaxs murojaat qilayotgan bo‘lsa, ishonchnoma ilova qilinadi.
Qayd etilishicha, vakolatli organlarning ma’lumotlari olingandan so‘ng ijaraga beruvchi 10 ish kuni ichida yer uchastkasidan muntazam foydalanilayotganini tekshiradi. Shundan keyin ariza ma’qullangani yoki rad etilgani haqida ariza beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun BHMning (412 ming so‘m) 1 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Yer uchastkasi ijara shartnomasi tuman yoki shahar hokimligi tomonidan imzolangach, hujjat avtomatik tarzda ariza beruvchiga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yer maydonidan ayrilgan fermerlarga qo‘llanayotgan jarimalarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan edi.