1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi

1-avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi. Bu prezidentning soliq organlari faoliyatini takomillashtirishga oid farmonida keltirilgan.
Ushbu indeks orqali soliq to‘lovchilar xizmatlar sifati, qulayligi va soliq majburiyatlarini bajarishga ketadigan vaqtni baholashi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 2030-yilgacha Jahon bankining «Business ready» reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish maqsad qilingan.
2026-yil 1-iyuldan tekshiruvdan oldingi tahlilda aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Soliq xavfi o‘rta bo‘lgan to‘lovchilarga aniqlangan xavflar haqida xabarnoma yuboriladi. Agar kamchiliklar bir oy ichida bartaraf etilsa, soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari uchun dastlabki olti oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati «Soliq-servis» AJ tomonidan bepul ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Soliq xizmati fidoyisi» ko‘krak nishoni kimlarga berilishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan soliq tizimi rivojiga hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida «Soliq xizmati fidoyisi» ko‘krak nishoni joriy etiladi.