Sport

Abduqodir Husanov Jahon chempionatiga bormaydimi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Ispaniyaning taniqli Diario AS nashri Jahon chempionatiga bormaydigan nomdor futbolchilarning ramziy jamoasini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatdan O‘zbekiston terma jamoasi va «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov ham joy olgan.

Foto: Facebook / Diario AS

Diario AS nashrining Facebook sahifasida e’lon qilingan post izohlarida ispaniyalik obunachilar tahririyat xatosini ko‘rsatib o‘tgan. Xususan, O‘zbekiston terma jamoasi mundial yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritgani va Husanov Shimoliy Amerikada o‘tadigan turnirda ishtirok etishi ta’kidlangan.

Foto: Facebook / Diario AS

Ramziy jamoadan yana bir qator taniqli futbolchilar o‘rin olgan. Ular orasida xochsimon payi uzilgani sabab uzoq muddatga safdan chiqqan «Real» hujumchisi Rodrigo hamda Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelottining qaroriga ko‘ra tarkibga kiritilmagan Joau Pedru bor.

Shuningdek, ro‘yxatga mavsum yakunida «Barselona»ni tark etishi kutilayotgan Robert Levandovski va PSJ bilan YChL finaliga chiqqan Xvicha Kvaratsxeliya ham kiritilgan. Ularning milliy jamoalari Polsha va Gruziya Jahon chempionati saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘ta olmagani sababli ushbu futbolchilar turnirni o‘tkazib yuboradi.

Foto: O‘FA

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasining may oyidagi yig‘inga Abduqodir Husanov ham jalb qilingan. O‘FA xabarida «Man Siti» himoyachisi boshqalardan kechroq tarkibga qo‘shilishi aytib o‘tilgan.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonning mundialdagi raqibi JCh uchun tarkibini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.