Andijonda Bobur xotirasiga bag‘ishlangan me’moriy ansambl barpo etiladi

eʼlon qilindi
O‘zbekiston va xorijiy mutaxassislar hamkorligida
Andijonda Bobur xotirasiga bag‘ishlangan me’moriy ansambl barpo etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevga Andijon viloyati Bobur shahrida barpo etilajak Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga bag‘ishlangan muhtasham haykal va me’moriy ansambl loyihasi taqdim etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Taqdimot davomida haykalning eskizlari, kompozitsion yechimlari hamda Bobur siymosini ifodalashga doir ilmiy-badiiy yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. Loyiha O‘zbekiston olimlari va xorijiy mutaxassislar hamkorligida tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar va madaniy meros namunalarini chuqur o‘rganish asosida ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Foto: President.uz

Shuningdek, prezidentga Pokistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi davomida Islomobod shahridagi bog‘lardan biriga Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani va ushbu hududda ham Boburga bag‘ishlangan haykal loyihasi ko‘rib chiqilgani haqida axborot berildi. Davlat rahbari yodgorliklarda Boburni nafaqat shoir va adib, balki kuchli sarkarda, davlat asoschisi va dono hukmdor sifatida ham chuqur ifoda etish zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, Buxoro shahrida turizm va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tumanlardagi madaniyat uylarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan loyihalar ham ko‘rib chiqildi. Mirziyoyev barcha tashabbuslarni yanada takomillashtirish va ilg‘or tajribalar asosida puxta ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida hukumat qarori bilan Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlangan edi.

Shuningdek