
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati stadionlariga Eronning eski bayrog‘ini (inqilobdan oldingi) olib kirishni yana taqiqlashi mumkin. Bu haqda The Athletic xabar berdi.
Ushbu bayroq Eron diasporasi vakillari tomonidan ko‘p ishlatiladi. Ular uni o‘zlik ramzi va amaldagi Eron hukumatiga qarshi norozilik belgisi sifatida ko‘rishadi.
The Athletic FIFAga 2026-yilgi turnir vaqtida ushbu bayroq yoki unga aloqador kiyimlar stadionlarga kiritilishi bo‘yicha savol bergan. FIFA javobida stadionlarda siyosiy yoki kamsituvchi mazmundagi materiallarni taqiqlovchi qoidalar borligini eslatgan.
Bu FIFA bunday cheklovni birinchi marta qo‘llashi emas. 2022-yil Qatarda o‘tgan Jahon chempionatida ham «Arslon va quyosh» bayrog‘ini ko‘targan ayrim muxlislar stadionlarga kiritilmagan. Shuningdek, Eron hukumatiga qarshi yozuvlar tushirilgan plakatlar va kiyimlar ham taqiqqa uchragan.
2026-yilgi Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnir davomida xavfsizlik, siyosiy ramzlar va muxlislar xatti-harakati masalalari FIFA nazoratida bo‘ladi. Hozircha FIFA ushbu bayroq bo‘yicha alohida qaror e’lon qilgani yo‘q. Ammo tashkilotning javobi 2026-yilgi turnirda ham 2022-yildagi tartib saqlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri FIFA prezidenti Eronning «JCh – 2026»dagi ishtiroki haqida fikr bildirgani haqida yozgan edi.