Google qidiruv tizimini chat-botga aylantirmoqda

Google o‘z qidiruv tizimida 25 yildagi eng yirik yangilanishni taqdim etdi. Endi odatiy qidiruv satriga sun’iy intellekt asosidagi chat-bot funksiyalari qo‘shiladi, deya xabar bermoqda Bloomberg.
Yangilangan Google Search endi uzunroq va murakkabroq so‘rovlarni yaxshiroq tushunadi. Foydalanuvchi birinchi savoldan keyin ochiladigan muloqot oynasida qo‘shimcha savollar berishi mumkin. Chat-botga ovozli xabarlar, suratlar va hujjatlar yuborish imkoniyati ham bo‘ladi. Google’ga ko‘ra, yangi tizim oddiy avtomatik to‘ldirish funksiyasidan farqli ravishda so‘rovdagi nozik jihatlarni ham hisobga oladi.
Kompaniya kelgusida qidiruv tizimiga agent funksiyalarini ham qo‘shmoqchi. Ular foydalanuvchiga qiziqarli mavzularni kuzatish, restoran band qilish va salomatlikka oid ma’lumotlarni nazorat qilishda yordam beradi.
Google, shuningdek, Gemini 3.5 Flash modelini ham namoyish qildi. Bu kompaniyaning yengilroq sun’iy intellekt modeli hisoblanadi. Google rahbari Sundar Pichai fikricha, undan foydalanish raqobatchilar modellariga qaraganda ikki yoki uch barobar arzonroq bo‘ladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Gemini 3.5 Flash endi Gemini ilovasi va qidiruvdagi AI Mode uchun asosiy modelga aylanadi. Google Gemini 3.5 Pro modeli ustida ham ishlamoqda. CNBC ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kuchliroq model kompaniya ichida allaqachon qo‘llanilmoqda. Keng jamoatchilikka esa u keyingi oy taqdim etilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Google Gemini Spark nomli agentli SI tizimini tayyorlamoqda. U ulangan ilovalardagi ma’lumotlar asosida fikrlashi va foydalanuvchi nomidan ayrim vazifalarni bajarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ilon Mask OpenAI’ga qarshi sudda yutqazgani haqida yozgan edi.