Kongo Demokratik Respublikasida Ebola qurbonlari soni 131 kishiga yetdi

eʼlon qilindi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virusning yangi o‘chog‘i tarqalishidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi
Foto: Daily Maverick

Afrikada joylashgan Kongo Demokratik Respublikasining sharqida Ebola virusidan yana 26 ta o‘lim holati qayd etildi. Qurbonlarning umumiy soni 131 kishiga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Bu virusning kam uchraydigan Bundibugyo shtammi bo‘lib, Kongoda 543 ta ehtimoliy va 33 ta tasdiqlangan, qo‘shni Ugandada esa 2 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola infeksiyalangan odamlar yoki hayvonlarning tana suyuqliklari orqali tarqaladi va o‘lim darajasi o‘rtacha 50 foizni tashkil qiladi.

Foto: The Canberra Times

Kasallik aholi zich joylashgan, qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarda haftalar davomida e’tibordan chetda qolgani mutaxassislarni xavotirga solmoqda. Butembo shahrida ham dastlabki ikkita kasallik holati tasdiqlangan. Kongodan Ruandaga o‘tishga uringanlar ham Goma va Bukavu shaharlarida to‘xtatilmoqda. Biroq JSST chegaralarni yopmaslikka chaqirmoqda, chunki bu nazoratsiz, norasmiy o‘tishlarga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, amerikalik bir fuqaroda virus aniqlangani xabar qilingan. Kasallikka chalingan shaxs va virus ta’sirida bo‘lgan yana olti nafar amerikalik Germaniyaga evakuatsiya qilinmoqda. AQSh so‘nggi 21 kun ichida Kongo, Uganda yoki Janubiy Sudanda bo‘lgan sayohatchilarning mamlakatga kirishini 30 kunga to‘xtatib qo‘ydi va o‘z fuqarolarini bu davlatlarga bormaslikka chaqirdi.

Foto: France 24

Zaire shtammidan farqli o‘laroq, Bundibugyo uchun tasdiqlangan davolash usullari yoki vaksinalar yo‘q. AQSh virusga qarshi kurashish uchun $13 mln miqdorida mablag‘ ajratdi. JSST boshchiligidagi mutaxassislar guruhi esa ushbu epidemiyaga qarshi yordam berishi mumkin bo‘lgan vaksina variantlarini muhokama qilmoqda. Merck & Co kompaniyasining Ervebo vaksinasi imkoniyat sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, u tayyor bo‘lishi uchun ikki oy kerak bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan JSST Ebola virusi sababli xalqaro favqulodda holat e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek