O‘zbekistonda Qurbon hayiti 27-may kuni nishonlanadi

O‘zbekistonda 2026-yilgi Qurbon hayiti sanasi va dam olish kunlari rasman belgilandi. Shavkat Mirziyoyev muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026-yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 27-may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi. Shu munosabat bilan mamlakatda 27-may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Qarorda ta’kidlanishicha, Qurbon hayiti jamiyatda insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bag‘rikenglik kabi qadriyatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Bayram kunlarida aholi o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy an’analarni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitining birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanadi. Prezident farmoniga asosan 28-may – payshanba va 29-may – juma kunlari barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan. Olti kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun esa 30-may – shanba kuni ham dam olish kuni bo‘ladi.
Hududlarda Qurbon hayitini yuqori saviyada o‘tkazish uchun mahalliy hokimliklar, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va boshqa tashkilotlarga tegishli vazifalar yuklatildi. Turizm qo‘mitasi va Transport vazirligi esa bayram kunlarida ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga tashriflar uchun qulay sharoit yaratishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston va Qozog‘istonda Qurbon hayiti sanasi ma’lum qilingan edi.