Qirg‘izistonda Tashiyevning ukasi yana ikki oy hibsda saqlanadi

Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning ukasi, sobiq deputat Shayirbek Tashiyevning hibs muddati uzaytirildi. Bu haqda Kaktus.media xabar bermoqda.
Bishkekning Pervomay tuman sudi Tashiyevni yana ikki oyga tergov izolyatorida qoldirishga qaror qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, u 2026-yil 16-iyulgacha hibsda saqlanadi. Manba xabariga ko‘ra, sud Ichki ishlar vazirligi tergov xizmati alohida muhim ishlar boshqarmasi katta tergovchisining iltimosnomasini qanoatlantirgan.

Shayirbek Tashiyev Jinoyat kodeksining 336-moddasi 1-qismi bo‘yicha ayblanmoqda. Ushbu ish «Qirg‘izneftgaz» OAJdagi korrupsion sxema bo‘yicha tergov doirasida ko‘rilmoqda.
Tashiyev 1-aprel kuni qo‘lga olingan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, davlatga yetkazilgan zarar 4,1 mlrd somdan ($46,8 mln) oshadi. Qirg‘iziston IIV ma’lumotiga ko‘ra, sobiq deputat tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishi kerak.
Eslatib o‘tanmiz, Shayirbek Tashiyev «Qirg‘izneftgaz» ishi bo‘yicha qo‘lga olingani haqida yozgan edik.