UzNIF IPO’sidan tushgan 604 mln dollar qayerga sarflanadi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi
Foto: Kursiv Uzbekistan /

UzNIF IPO’sidan tushgan mablag‘lar korxonalarning investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kredit majburiyatlarini bajarish hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish ehtiyojlari uchun inobatga olinadi. Bu haqda 20-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi.

Tadbir davomida vazir o‘rinbosari UzNIF portfelidagi korxonalarning investitsion ehtiyojlari va mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha berilgan savolga quyidagicha javob berdi:

«Haqiqatan ham, IPOdan keladigan mablag‘lar birinchi navbatda xazinachilik hisob raqamiga kelib tushadi va ularning ishlatilishi, albatta, Administratsiya hamda Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Lekin, aytganingizdek, jamg‘arma tarkibidagi korxonalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kredit majburiyatlarini bajarish hamda ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengaytirib, ularni modernizatsiya qilish uchun katta mablag‘ talab qilinadi. Albatta, ushbu mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqiladigan takliflarda korxonalarning ehtiyojlari ham inobatga olinadi».

IPO natijalari

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) aksiyalarini joylashtirish jarayoni 12-may kuni yakunlandi. Shundan so‘ng, 13-maydan London fond birjasida shartli savdolar (conditional dealings) boshlandi. 18-may sanasidan esa Toshkent va London birjalarida to‘liq ikkilamchi savdolarga start berildi. Mazkur yirik xususiylashtirish jarayoni natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 600 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilindi.

Fond portfelidagi aktivlar

Bugungi kunda UzNIF portfelida mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan 13 ta yirik kompaniya mavjud. Jamg‘armaning umumiy sof aktivlari qiymati (NAV) 2,44 mlrd dollarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzNIF aksiyalarining Toshkent fond birjasidagi ikkilamchi savdolari boshlangani haqida xabar bergan edik.  Kursiv Uzbekistan mahalliy bozordagi investorlar tarkibi va bu qog‘ozlar uchun istiqbollar haqida ekspertlar bilan suhbatlashdi.

Shuningdek