Xatirchida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlandi

Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xatirchi tumanining Oqtepa mahallasida yashovchi 1993-yilda tug‘ilgan shaxs oson boylik orttirish maqsadida bir guruh yoshlarni atrofiga to‘plagan. Guruh tarkibida 1988, 1992, 1998, 2006 va 2007-yillarda tug‘ilgan shaxslar bo‘lgan. Ular orasida uyushmagan va jinoyat sodir etishga moyil yoshlar borligi aytilmoqda.
Mazkur guruh Xatirchi tumanidagi Oltinsoy tog‘ tizmalarida ruxsatsiz kon qazish ishlari bilan shug‘ullangan. Ular hech qanday ruxsatnomasiz, qo‘lbola usulda qazish ishlarini olib borgan. Bu esa ularning o‘z hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan.
Shuningdek, noqonuniy kon qazish ishlari davlat va jamiyat manfaatlariga moddiy hamda ma’naviy zarar yetkazishi mumkinligi qayd etildi. Navoiy viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida jinoiy guruhning noqonuniy harakatlari fosh etildi. Guruh a’zolari holat ustida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi. Ular foydalangan xo‘jalik buyumlari va turli uskunalar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 196-prim 2-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqandda 286 mln so‘mlik qalbaki aksiz markali alkogol aniqlangani haqida yozgan edi.