Avto

Xiaomi Auto yangi Sky Nomad brendini ishga tushirishi mumkin

Xiaomi Auto yangi Sky Nomad brendini ishga tushirishi mumkin
Foto: InsideEVS

Xiaomi Auto elektromobillar bozorida ikkinchi brendini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Yangi brend Sky Nomad deb nomlanishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda CarNewsChina.

Loyiha Xiaomi’ning kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega elektromobillar bozoriga kirishini anglatadi. Bunday avtomobillar EREV deb yuritiladi. Sky Nomad brendi ostidagi ilk model ichki hujjatlarda «Kunlun N3» kod nomi bilan qayd etilgan. Avtomobil 2026-yilning ikkinchi yarmida bozorga chiqishi kutilmoqda.

Model to‘liq o‘lchamli SUV bo‘ladi. Uning uzunligi 5 300 mm dan oshadi, g‘ildirak bazasi esa taxminan 3 100 mm ni tashkil etadi. Avtomobil 1,5 litrli turbo range extender dvigateli bilan jihozlanadi. U batareyani quvvatlash uchun ishlaydi va yurish masofasini oshirishga xizmat qiladi.

Foto: Autohome

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kunlun N3 faqat elektr quvvatida 400–500 km masofa bosib o‘ta oladi. Umumiy yurish zaxirasi esa qariyb 1 500 km bo‘lishi kutilmoqda. Xiaomi yangi model uchun batareya yetkazib beruvchilar tarkibini ham o‘zgartirmoqda. Sky Nomad liniyasi uchun asosiy yetkazib beruvchi Sunwoda bo‘ladi.

Kompaniya batareya ta’minotining 60 foizini Sunwoda’dan olishi rejalashtirilgan. Qolgan 40 foiz ulush esa CALB kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Sky Nomad oilaviy EREV SUV segmentiga qaratiladi. Bu brend Xiaomi’ning asosiy elektromobil yo‘nalishidan alohida rivojlantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi YU7 GT Nürburgringda avtomobillar rekordini yangilagani haqida yozgan edi.