Endi Shohimardon va So‘x yo‘nalishi chegara postlari 24 soat ishlaydi

Farg‘ona viloyatidagi Shohimardon va So‘x yo‘nalishi chegara postlari yozgi sayyohlik mavsumi munosabati bilan tun-u kun ishlash tartibiga o‘tkazildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Farg‘ona» chegara bojxona posti, ushbu postning Shohimardon qishlog‘iga kirish qismida joylashgan «Oq-Qiya» bojxona punkti hamda «So‘x» chegara bojxona posti endilikda 24 soatlik ish rejimida faoliyat yuritadi.
Qayd etilishicha, o‘tkazish punktlari ish rejimining o‘zgartirilishi yozgi sayyohlik mavsumida chegaradan o‘tayotgan fuqarolar uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Mazkur tartib joriy yilning 1-oktabr kuniga qadar amal qiladi.
Ma’lumot uchun, bunga qadar mazkur bojxona maskanlari har kuni soat 06:00 dan 22:00 gacha xizmat ko‘rsatib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara o‘tish punktlaridan biri — «G‘ishtko‘prik» sentabrda qayta ishga tushirilishi haqida yozgan edik.