O‘quvchisini do‘pposlagan o‘qituvchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

eʼlon qilindi
Toshkentdagi maktabda sodir bo‘lgan janjal ortidan o‘qituvchi tergov qilinmoqda
Foto: Pexels.com

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 275-sonli maktabda o‘quvchisini do‘pposlagan o‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) xabar berdi.

Hodisa 19-may kuni yuz bergan bo‘lib, unda 2002-yilda tug‘ilgan o‘qituvchi va 2010-yilda tug‘ilgan o‘quvchi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Aniqlanishicha, o‘quvchi dars jarayonida o‘qituvchining ko‘rsatmasini bajarmasdan, mashg‘ulotlarga xalaqit bergan.

Tortishuv jismoniy zo‘ravonlikka aylanib, o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi tibbiy yordam olish uchun shifoxonaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Voqea aks etgan video tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ushbu holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi o‘qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) asosida jinoyat ishini ochdi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Parkentda davlat zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lganlar ushlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek