O‘zbekiston Xitoyga 10 turdagi quritilgan sabzavotni eksport qiladi

O‘zbekiston Xitoyga 10 turdagi quritilgan sabzavotni eksport qilish uchun fitosanitar ruxsatini oldi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
2Unga ko‘ra, 2026-yil 5–7-may kunlari O‘zbekiston hukumatining Xitoyga amalga oshirgan tashrifi doirasida agentlik hamda Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondan Xitoyga 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni eksport qilish uchun fitosanitar ruxsat olishga erishildi.
Ruxsat berilgan mahsulotlar qatoriga sarimsoq piyoz, piyoz, lavlagi, sabzi, pomidor, rediska, qovoq, baqlajon, qovoqcha hamda turli ko‘katlar kiradi.
Ushbu mahsulotlarni Xitoyga eksport qilish uchun korxonalar Xitoy reyestriga kiritilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahsulotlar karantin ahamiyatiga ega zararli organizmlardan xoli bo‘lishi, fitosanitariya sertifikatiga ega hamda Xitoyning oziq-ovqat xavfsizligi talablariga to‘liq mos kelishi lozim.
Agentlik eksportyor korxonalarni Xitoy reyestriga kiritish masalasida murojaatlar qabul qilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha oziq-ovqat eksporti 10 mlrd dollarga yetkazilishi haqida xabar bergan edik.