Qabristonlarni obodonlashtirish uchun 1,6 trillion so‘m ajratiladi

O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq qabristonlarni obodonlashtirish va saqlash uchun 1,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining «Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan respublikadagi 10 mingdan ortiq qabristonlarni obodonlashtirish maqsadida 2027 – 2029-yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlandi. Ushbu yo‘nalishga jami 1,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
Qabristonlarning himoya devorlarini qurish, kirish darvozalarini o‘rnatish hamda ta’mirlash ishlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. U yerdagi binolar, yo‘l va yo‘laklarni qurish hamda ta’mirlash ishlari esa qabristonlar uchun ochilgan shaxsiy hisobvaraqlarda shakllangan mablag‘lar, homiylik va xayr-ehsonlar, shuningdek, mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, har bir qabriston uchun alohida shaxsiy hisobvaraq ochilishi belgilandi. Ushbu tizim xayr-ehson mablag‘larining shaffof nazoratini ta’minlashga xizmat qiladi. Bungacha esa bir tumandagi barcha qabristonlar uchun bitta hisobvaraq ochilgani sabab mablag‘lar nazorati yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan edi.
Qarorga ko‘ra, qabristonlarga ixtiyoriy xayr-ehson qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar uchun maxsus QR-kodlar joriy etiladi. Ushbu mablag‘lar faqat qabristonlarni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq ishlarga sarflanadi hamda boshqa maqsadlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi aholini qabristonlarni obod qilish va ziyorat odoblariga rioya etishga chaqirgan edi.