Qurbon hayiti arafasida 10 ming nafar bolada bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doir takliflar bilan tanishdi. Unda Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekistonda 10 ming nafar bolada bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslar haqida axborot berildi.
Takliflarga ko‘ra, og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi xarajatlarini qoplash rejalashtirilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash ham asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi. Xususan, 8 ming nafardan ortiq yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan ota-onalarning farzandlari omonat hisobvaraqlariga $200 miqdorida mablag‘ o‘tkazib beriladi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Hududlardagi qabristonlarni obodonlashtirish, davlat ta’minotidagi oilalar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu chora-tadbirlar «Vaqf» xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 mlrd so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, ehson dasturxonlari tashkil etish, ziyoratgohlar va diniy ta’lim muassasalarida qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qabristonlarni obodonlashtirish uchun 1,6 trillion so‘m ajratilishi haqida xabar qilgan edik.