
Xpeng kompaniyasi yangi GX modeli bo‘yicha dastlabki savdo natijalarini e’lon qildi. CarNewsChina yozishicha, SUV taqdimotdan keyingi 12 soat ichida 24,8 mingta qat’iy buyurtma oldi.
Yangi Xpeng GX sakkiz xil versiyada taklif etiladi. Uning narxi 279,8 ming yuandan 359,8 ming yuangacha. Bu taxminan $41,1 mingdan $52,9 minggacha degani.
Xpeng rahbari He Xiaopengning aytishicha, buyurtmalarning 80 foizdan ortig‘i yuqori darajadagi Ultra versiyasiga to‘g‘ri kelgan.

Xpeng GX yirik o‘lchamli SUV hisoblanadi. Uning uzunligi 5 265 mm, eni 1 999 mm, balandligi esa 1 800 mm. G‘ildirak bazasi 3 115 mmni tashkil etadi.
Model old qismida uzluksiz yorug‘lik chizig‘i va agressiv bamper bilan ajralib turadi. Yon tomonda yashirin eshik tutqichlari, suzuvchi tom dizayni va ko‘p spisali disklar qo‘llangan.
Salonida 17,3 dyuymli 3K displey o‘rnatilgan. Shuningdek, Cosmic Pilot rul tizimi va aqlli kutib olish funksiyasiga ega o‘rindiqlar mavjud.
Xpeng GX Lingjing AI Sound Max audiosistemi bilan jihozlangan. U 33 ta dinamikdan iborat. Ikkinchi qatorda esa mustaqil zero-gravity o‘rindiqlar joylashgan.
Model elektr va kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega versiyalarda chiqariladi. EREV versiyasi 1,5 litrli turbomotor va ikki elektromotor bilan jihozlangan.

Ushbu versiyada 63,3 kVt soatlik batareya o‘rnatilgan. Faqat elektrda yurish zaxirasi 430 kmni tashkil etadi. Umumiy yurish masofasi esa 1 585 kmga yetadi.
To‘liq elektr versiyada ikki xil variant bor. Ikki motorli AWD talqini 110 kVt soatlik batareya bilan 750 km yuradi.
Orqa yuritmali RWD versiyasi esa 91,9 kVt soatlik batareyaga ega. Uning yurish zaxirasi 665 kmni tashkil etadi.
Avvalroq arzon Mona M03 modeli Xpeng savdolarini oshirishga yordam bergan edi. Kompaniya 2025-yil oktabrda 42 mingta avtomobil sotib, oylik rekord qayd etgan. Biroq 2026-yilda Xpeng savdolari ketma-ket to‘rt oy davomida yillik hisobda pasaygan.
Kompaniya aprel oyida Mona liniyasidagi Xpeng Mona L03 modelini ilk bor Xitoyda rasman ko‘rsatgandi. Yangi elektromobil besh o‘rinli bo‘lib, Mona M03 sedanining dizayn uslubini saqlab qolgan. Shu bilan birga, u fastbek tipidagi SUV kuzovi, kattaroq o‘lchamlari va kuchliroq motor bilan farqlanadi. Avtomobil uzunligi 4,65 metr atrofida bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2,85 metrni tashkil etadi.