
Angliya terma jamoasi murabbiylar shtabi 2026-yilgi jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilarning yakuniy ro‘yxatini taqdim etdi. Fil Foden va Koul Palmer kabi mashhur yulduzlar jahon chempionatini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Darvoza daxlsizligi an’anaviy tarzda Jordan Pikfordga topshirilishi kutilmoqda. Himoya chizig‘ida «Manchester Siti» futbolchilari, jumladan, Jon Stounz va Mark Gexi ustunlik qilmoqda. Shuningdek, Germaniyaning «Bayer» klubida to‘p surayotgan Jarell Kuansa ham kutilmaganda ro‘yxatga kiritilgan.

Maydon markazida Jud Bellingem va Deklan Rays shubhasiz asosiy figuralar sifatida harakat qiladi. Hujum chizig‘iga esa «Bavariya» to‘purari Harri Keyn yetakchilik qiladi. Faoliyatini Kataloniyaning «Barselona» klubida davom ettirayotgan Markus Reshford ham mundialga boradi.


Murabbiylar shtabining qarori bilan bir qator yetakchi futbolchilar ro‘yxatdan tushib qoldi. Xususan, Fil Foden, Koul Palmer, Trent Aleksander-Arnold va Harri Maguayr kabi yulduzlar jahon chempionatida ishtirok etmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Germaniya terma jamoasi mundial uchun tarkibini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.