Bekobodda narkosavdogarlar 10 yildan ortiq muddatga qamaldi

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida giyohvandlik vositalari kontrabandasi va savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari 8 yildan 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
1999-yilda tug‘ilgan, muqaddam o‘ldirish bilan qo‘rqitish va haqorat qilish moddalari bilan sudlangan ayol 2025-yilning iyul oyida qo‘shni davlatdan 1 kg gashish moddasini $6 mingga sotib olishga kelishgan. U WhatsApp orqali giyohvand modda yashirilgan joy manzilini olgach, muqaddam sudlangan ikki tanishi bilan Bekobod shahri hududidagi dala maydoniga borgan.

Guruh a’zolari xufiya joydan giyohvand moddani olayotgan vaqtda DXX va Bojxona xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan gashishning sof og‘irligi 985 grammni tashkil qilgan.
Tergov jarayonida ayol va uning 1993-yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi Bekobod shahrida ijaraga xonadon olib, u yerda giyohvand moddalarni sotish va iste’mol qilish uchun «bangixona» tashkil qilgani aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudining hukmi bilan ushbu shaxslar Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bo‘yicha aybdor deb topildi. Ularga 8 yil 3 oydan 10 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Avvalroq Kursiv nashri Farg‘ona va Namanganda narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.