Buxoro viloyatida 4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Buxoro viloyatining Jondor tumanida 22-may kuni tunda 4 magnitudali zilzila qayd etildi. Bu haqda Respublika seysmoprognostik monitoring markazi xabar berdi.
Zilzila markazi Jondor tumanida joylashgan bo‘lib, chuqurligi 10 kilometrni tashkil etgan. Yer silkinishi Toshkent vaqti bilan soat 01:32 da qayd etilgan. Zilzila episentri Toshkentdan 519 kilometr janubiy-g‘arbda bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida zilzila kuchi bir nechta hududlarda sezilgan. Xususan, episentrdan 28 kilometr uzoqlikdagi Gazli shahrida zilzila kuchi 3 ballni tashkil qilgan. Shuningdek, Peshku tumanida (38 km) 2-3 ball, Qorako‘l (56 km) va Jondor (57 km) tumanlarida esa 2 ballik yer silkinishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18-aprel kuni Afg‘onistonda 5,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda yer silkinishi kuchi O‘zbekistonning bir qator hududlarida, jumladan, Surxondaryo (2-3 ball), Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, shuningdek, Toshkent shahri va viloyatida (2 ball) sezilgan edi.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonda zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.