Yangiliklar

Buxoro viloyatida 4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Yer silkinishi Gazli shahri va qator tumanlarda 2-3 ballgacha sezilgan
Foto: Facebook

Buxoro viloyatining Jondor tumanida 22-may kuni tunda 4 magnitudali zilzila qayd etildi. Bu haqda Respublika seysmoprognostik monitoring markazi xabar berdi.

Zilzila markazi Jondor tumanida joylashgan bo‘lib, chuqurligi 10 kilometrni tashkil etgan. Yer silkinishi Toshkent vaqti bilan 01:32 da qayd etilgan. Zilzila episentri Toshkentdan 519 kilometr janubiy-g‘arbda bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi hududida zilzila kuchi bir nechta hududlarda sezilgan. Xususan, episentrdan 28 kilometr uzoqlikdagi Gazli shahrida zilzila kuchi 3 ballni tashkil etgan. Shuningdek, Peshku tumanida (38 km) 2-3 ball, Qorako‘l (56 km) va Jondor (57 km) tumanlarida esa 2 ballik yer silkinishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18-aprel kuni Afg‘onistonda 5,5 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda yer silkinishi kuchi O‘zbekistonning bir qator hududlarida, jumladan, Surxondaryo (2–3 ball), Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, shuningdek, Toshkent shahri va viloyatida (2 ball) sezilgan edi.

Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonda zilzila sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.