
General Motors (GM) kompaniyasi Chevrolet Groove va Aveo modellarini Meksikada yig‘ishni boshlaydi. Bu qaror mamlakatda arzon avtomobillarga talab yuqori bo‘lib qolayotgani bilan bog‘liq.
GM Mexico ma’lumotiga ko‘ra, avtomobillar Ramos Arizpe zavodida yig‘iladi. Loyiha Meksika bozori uchun mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan. Kompaniya yangi loyiha doirasida dastlab Chevrolet Groove ishlab chiqarilishini ma’lum qildi. Ushbu model 2027-yildan boshlab Ramos Arizpe zavodida yig‘iladi.

Keyingi bosqichda loyiha Chevrolet Aveo modelini ham qamrab oladi. Aveo Meksikada eng ko‘p sotiladigan Chevrolet modellaridan biri hisoblanadi. General Motors 2030-yilga borib ushbu loyiha quvvatini yiliga qariyb 80 mingta avtomobilgacha yetkazishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarilgan avtomobillar faqat Meksika bozoridagi talabni qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Kompaniyaning bu qarori Xitoydan import qilinadigan avtomobillarga bojlar oshgani fonida qabul qilindi. GM Mexico shu orqali mamlakatdagi ikki eng ommabop modelining bir qismini mahalliy ishlab chiqarishga o‘tkazmoqchi.
Hozirda Ramos Arizpe zavodida Cadillac Optiq, Chevrolet Blazer EV, Chevrolet Equinox EV va Honda Prologue kabi elektromobillar ishlab chiqariladi. Benzinli Chevrolet Blazer ishlab chiqarilishi esa bu yil yakunlanadi. Keyin uning ishlab chiqarilishi Tennessi shtatidagi GM Spring Hill zavodiga ko‘chiriladi.

Chevrolet Groove va Aveo texnik jihatdan bir platformaga asoslangan. Ular ko‘plab konstruktiv, mexanik va dizayn elementlarini baham ko‘radi. Har ikki model Chevrolet uchun Xitoydagi SAIC-GM-Wuling qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot loyihasiga kiradi. Meksika esa Groove va Aveo uchun dunyodagi eng yirik hajmli bozorlardan biri sanaladi.
Yangi loyiha doirasida ikkinchi avlod Chevrolet Groove 2027-yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish liniyasiga chiqishi kutilmoqda. Aveo esa keyinroq mahalliy yig‘uvga o‘tkaziladi. GM hozircha Aveo bo‘yicha aniq muddatni e’lon qilmagan. Biroq model krossoverdan bir necha oy o‘tib, yangilangan versiya bilan ishlab chiqarilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GM iyunda Chevrolet Tracker ishlab chiqarishni oshirishi haqida yozgan edi.