Lenovo kompaniyasi Nintendo o‘yinlarining nusxalariga ega Legion G02 konsolini chiqardi

Xitoyda Lenovo kompaniyasining Nintendo 64 va boshqa klassik konsol o‘yinlari emulyatsiyasi uchun mo‘ljallangan Legion G02 portativ konsoli sotuvga chiqdi. Bu haqda Retro Dodo xabar bermoqda.
May oyi boshida AliExpress platformasida taxminan $85 narxidagi ushbu konsol paydo bo‘ldi. Uskunani sinovdan o‘tkazganlar uning arzon dizayni va sifatidan norozi bo‘lishdi, bu odatda Lenovo mahsulotlariga xos emas.

Eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lgan jihat shundaki, G02 konsoli minglab oldindan o‘rnatilgan o‘yinlar, jumladan Nintendo o‘yinlari bilan taqdim etiladi. Emulyatsiya jarayoni o‘z-o‘zidan qonuniy bo‘lsa-da, pirat o‘yinlarni oldindan o‘rnatish qonunga xilofdir.

Lenovo vakili Retro Dodo nashriga bergan sharhida Legion G02 Xitoy bozori uchun litsenziyalangan haqiqiy mahsulot ekanligini tasdiqladi. U litsenziya asosida ishlab chiqarilgan qurilmalar sifati global bozor uchun mo‘ljallangan Lenovo qurilmalaridan farq qilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lenovo yettinchi avlod ThinkPad 14s noutbuklarini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.