Oylik maosh 1,8 ming dollargacha: Serbiyada qurilish sohasida ish o‘rinlari e’lon qilindi

Serbiyada qurilish yo‘nalishida ishlash istagidagi fuqarolar uchun Job Bridge xususiy bandlik agentligi orqali yangi vakansiyalar e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Vakansiyalar fasad ustalari, ichki ta’mir ishlari ustalari hamda devor bo‘yoqchilari uchun mo‘ljallangan. Jami 30 ta ish o‘rni taklif etilmoqda. Mehnat shartnomasi 1 yil muddatga tuziladi, ish haftasiga 6 kun davom etadi. Oylik maosh esa $1,3 ming–$1,8 ming miqdorida netto shaklda belgilangani aytilgan.
Nomzodlardan qurilish sohasida kamida bir yillik tajriba, ingliz tilida muloqot qila olish hamda 20 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan erkak fuqarolar bo‘lishi talab etiladi. Agentlik hujjatlarni tayyorlash, ish beruvchi bilan rasmiy mehnat shartnomasini tuzishda ko‘maklashish va safar oldi tayyorgarligi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishini bildirgan.
Qayd etilishicha, mehnat shartnomasi bevosita ish beruvchi bilan tuziladi va Job Bridge ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi. Ishga joylashtirish jarayoni ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tajribali haydovchilar Yaponiyaga yuqori maoshli ishga taklif etilgan edi.