O‘zbekistonda eng namunali vazirliklar va davlat xizmatchilari e’tirof etildi

O‘zbekistonda «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi doirasida davlat idoralari faoliyati baholanib, Adliya, Tog‘-kon sanoati va geologiya hamda Ichki ishlar vazirliklari turli yo‘nalishlarda eng namunali idoralar sifatida e’tirof etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan 40 ta respublika idorasi faoliyati o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra, Adliya vazirligi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarishda, Ichki ishlar vazirligi esa davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eng namunali deb topildi.
Adliya vazirligi 380 ta to‘liq raqamlashtirilgan xizmatni yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi asosiy uskunalarni mahalliylashtirish darajasini 84 foizga yetkazdi. Ichki ishlar vazirligi xizmatlarining 95 foizini to‘liq raqamli shaklga o‘tkazgan va 72 ta ma’lumotlar bazasini yagona «Xavfsiz shahar» tizimiga birlashtirgan.
Shuningdek, qator vazirlik va idoralarning 6 nafar xodimi turli nominatsiyalar bo‘yicha eng namunali mutaxassislar deb topildi. Prezident g‘oliblarning lavozimini bir pog‘ona ko‘tarib, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritishni taklif qildi. Davlat rahbari kelgusida reytingda oxirgi o‘rinlarda qolgan idoralar nomi ochiq e’lon qilinishini aytib o‘tdi.
«Faoliyatida jiddiy kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgan tashkilotlar bundan o‘ziga jiddiy xulosa chiqarishi kerak», — deya ta’kidladi davlat raxbari.
Avvalroq Kursiv nashri Mirziyoyev davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish muhimligini ta’kidlagani haqida xabar bergan edi.