O‘zbekistonda “Har bir mahalla – futbol maydoni” dasturi boshlanadi

O‘zbekistonda futbolni ommalashtirish maqsadida «Har bir mahalla – futbol maydoni» dasturi boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda sport, xususan futbolni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli infratuzilma yaratildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshootlari hamda qariyb 4 mingta xususiy sport klubi faoliyat boshladi. Shuningdek, 1,5 mingdan ziyod mahallada sport maydonchalari qurildi.
Poytaxtda zamonaviy Olimpiya shaharchasi barpo etildi, Yuqori Chirchiq tumanida esa «Milliy futbol markazi» ishga tushirildi. Bundan tashqari, har bir viloyatda professional futbol akademiyalari va futbol maktablari tashkil qilindi.
Yaratilgan sharoitlar natijasida havaskor futbolchilar soni 5 mln nafarga yetdi. Futbol bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 1,3 mlndan oshgan bo‘lsa, professional futbolchilar soni 17 ming nafarga yetgani qayd etildi.
Shu maqsadda mamlakatda «Har bir mahalla – futbol maydoni» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida «Mahalla ligasi» tashkil etilib, 12–17 yoshli o‘g‘il-qizlar o‘rtasida mahalla futbol jamoalari shakllantiriladi.
Shuningdek, har yili havaskor futbolchilar ishtirokida «mahalla – tuman – viloyat – respublika» bosqichlaridan iborat musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. «Mahalla ligasi» professional klublar uchun iqtidorli yoshlarni saralashda muhim baza vazifasini bajarishi ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga tantanali kuzatish marosimida ishtirok etishi haqida xabar qilgan edik.