O‘zbekistonning bir necha viloyatlarida kuchli yomg‘ir oqibatida sel keldi

21-may kuni O‘zbekistonning qator tog‘li va tog‘oldi hududlarida qisqa muddatli kuchli yomg‘irlar yog‘ishi oqibatida sel oqimlari yuzaga keldi. Tabiiy hodisa oqibatida ayrim hududlarda qatnov yo‘llarini suv va loyqa oqiziqlar bosdi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lum qildi.
Toshkent viloyatining bir necha tumanlarida yog‘ingarchilik ta’siri kuchliroq sezilgan. Xususan, Angren shahrida tog‘ qiyaliklaridan yig‘ilib kelgan suvlar Yangi Bog‘isuv mahallasi hududiga toshib chiqqan. Bo‘stonliq tumanining Dumaloq hududiga Unkelsoy soyidan soniyasiga 10-12 kub metr sel suvlari oqib kelib, Toshkent-Chorvoq avtomobil yo‘lini kesib o‘tgan.

Shuningdek, tumanning Qoramozor hududida yomg‘ir suvlari avtomobil yo‘lining qatnov qismini to‘sib qo‘ygan bo‘lsa, Sarqang‘li hududida Parkent kanali o‘zanidan suv toshib o‘tgan.
Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida vaziyat nisbatan barqaror bo‘lib, suv oqimlari talofatsiz o‘tkazilgan. Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida sel suvlari Toshkent-Termiz M-39 avtomobil yo‘lini zararsiz kesib o‘tib, Kichiko‘ra daryosiga quyilgan. Navoiy viloyatining Nurota va Karmana tumanlaridagi bir necha qishloqlarda ham yomg‘ir suvlari maxsus sel yo‘llari hamda soy o‘zanlari orqali adirliklardan talofatsiz oqib o‘tgan.
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Nilusoyidan soniyasiga 6-7 kub metr atrofida kelgan sel suvlari avtomobil qatnov yo‘llariga loyqa oqiziqlarni olib chiqqan. Jizzax viloyati Forish tumaniga qarashli Garasha qishlog‘idan o‘tgan sel soyidan esa taxminan 5-6 kub metr sel oqimlari oqib o‘tgan. Hodisalar oqibatida jiddiy talofatlar va qurbonlar bo‘lgani haqida rasmiy xabar berilmagan.
Avvalroq Kurviv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonda kuchli shamol bolalar batutini ag‘darib yuborgani haqida xabar bergan edi.