
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola joriy yilgi mavsum yakunlangach, jamoani tark etishini ma’lum qildi. 10 yillik faoliyati davomida murabbiy jamoa bilan 20 ta sovrin qo‘lga kiritdi.
Ispaniyalik mutaxassis jamoa boshqaruviga 2016-yilning iyul oyida kelgan edi. O‘tgan 10 yil davomida Gvardiola qo‘l ostida «Manchester Siti» ingliz futboli tarixida ketma-ket to‘rt marta Angliya Premyer-ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan yagona klubga aylandi.

Murabbiy boshqaruvida jamoa jami 20 ta sovrin yutdi. Ularning orasida 6 ta APL chempionligi, 5 ta Angliya Liga kubogi, 3 ta Angliya kubogi, 3 ta Angliya Superkubogi mavjud.
Shuningdek, xalqaro maydonda UEFA Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida bir martadan zafar quchdi. 2023-yilda esa jamoa o‘z tarixida ilk bor trebl qayd etdi. Gvardiola «Manchester Siti» tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiy sifatida e’tirof etilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri «Manchester Siti» klubi Enso Mareskani yangi bosh murabbiy etib tayinlash bo‘yicha to‘liq og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.