
Bugun Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga tantanali kuzatish marosimida ishtirok etadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bundan avval davlat rahbari «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi g‘oliblarini mukofotlash marosimida qatnashadi. Shuningdek, Milliy kitobxonlik harakatiga start berish tadbiri ham o‘tkaziladi.
Kun davomida prezident BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashishi ham kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, milliy terma jamoani jahon chempionatiga kuzatish tadbiri sabab Toshkentdagi ayrim ko‘chalar yopiladi. Hokimlik xabariga ko‘ra, cheklovlar 22-may kuni soat 16:00 dan 21:00 gacha amal qilishi mumkin. Taqiqlar tadbirni xavfsiz va yuqori saviyada tashkil etish maqsadida joriy qilinadi. Harakat Chilonzor – Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasidan Qatortol – Cho‘ponota chorrahasigacha vaqtincha cheklanishi mumkin. Shuningdek, KHAY – Chilonzor chorrahasidan Chilonzor – Cho‘ponota chorrahasigacha bo‘lgan qismda ham cheklovlar kutilmoqda.