Qashqadaryo, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida kuchli yomg‘ir sababli sel kuzatildi

21 – 22-may kunlari O‘zbekistonning Surxondaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan qisqa muddatli va kuchli yog‘ingarchilik oqibatida tog‘li hududlardagi soylardan sel suvlari oqib o‘tdi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabar berdi.
Surxondaryo viloyatidagi kuzatuv gidropostlari ma’lumotlariga ko‘ra, 21-may kuni soat 21:00 atrofida Oltinsoy tumanida 12,41 mm yomg‘ir yog‘gan. Buning natijasida «Xo‘jaipok» MFYda joylashgan Xalqajar Bazarjoy gidropostiga taxminan 150 – 170 m³/s sel suvlari kelib, hududdan talafotsiz oqib o‘tgan.
Shuningdek, 22-may kuni soat 07:55 larda Sariosiyo tumanining «Sangardak» MFY hududidagi Koratutsoyidan 7-8 m³/s atrofida sel kuzatilgan.
Jizzax viloyati G‘allaorol avtomatlashtirilgan meteorologik stansiyasi (AMS) ma’lumotiga asosan, 22-may kuni hududda kuchli yog‘ingarchilik yuz bergan. Soat 08:10 dan boshlab G‘allaorol tumani Quytosh shaharchasidan o‘tgan sel soyidan taxminan 3-4 m³/s sel oqimlari oqib o‘tmoqda.

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida esa 22-may kuni soat 04:21 atrofida 20,1 mm miqdorida yog‘ingarchilik kuzatilgan. Ushbu tabiiy hodisalar oqibatida jiddiy zararlar yetkazilgani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.
Avvalroq Kursiv nashri O‘zbekistonning bir necha viloyatlarida kuchli yomg‘ir oqibatida sel kelgani haqida xabar bergan edi.