Sirdaryo va Jizzaxda 21 milliard so‘mdan ortiq mineral o‘g‘it talon-toroj qilindi

Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida 21 mlrd so‘mdan ortiq mineral o‘g‘itlarni noqonuniy sotish bilan bog‘liq holat fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MChJ mas’ul shaxslari AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida saqlanishi lozim bo‘lgan 16,9 mlrd so‘mlik 5679,7 tonna mineral o‘g‘itni naqd pulga sotib yuborgani aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Jizzax viloyati Paxtakor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda MChJ mas’ul shaxslari va boshqa fuqarolar AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida saqlanishi kerak bo‘lgan 4,5 mlrd so‘mlik 1503 tonna mineral o‘g‘itni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘lgan.
Yana bir holatda MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar umumiy qiymati 802,5 mln so‘mlik 262,1 tonna mineral o‘g‘itni noqonuniy ravishda sotib yuborgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo va Surxondaryoda qariyb 300 million so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani aniqlangan edi.