Avto

Xiaomi YU7 elektromobilining arzonroq versiyasini taqdim etildi

Yangi YU7 o‘lchamlari jihatidan o‘rta va yirik SUV segmentiga kiradi
Xiaomi YU7 elektromobilining arzonroq versiyasini taqdim etildi
Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi Xitoyda YU7 elektromobilining yangi Standard Edition versiyasini taqdim etdi. Model Tesla Model Y bilan raqobat qilishga qaratilgan.

Taqdimot 21-may kuni Xiaomi’ning «Human x Car x Home» ekotizim tadbirida bo‘lib o‘tdi. Kompaniya rahbari Ley Jun yangi versiya narxi 233,5 ming yuan, ya’ni taxminan $34,3 ming ekanini ma’lum qildi. Yangi Xiaomi YU7 Standard Edition 643 km yurish zaxirasiga ega. Bu Tesla Model Y’ning standart versiyasidan 50 km ko‘p. Shu bilan birga, Xiaomi modeli Xitoyda Model Y’dan 30 ming yuan, ya’ni qariyb $4,35 ming arzonroq turadi.

Ley Jun so‘zlariga ko‘ra, avvalgi bazaviy YU7 versiyasi uzoq yurish zaxirasiga ega bo‘lgani sabab uning narxi Model Y’dan atigi 10 ming yuan arzon edi. Shu bois u narx bo‘yicha yetarlicha raqobatbardosh bo‘lmagan. Yangi arzonroq versiya ilgari Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hujjatlarida ko‘ringan model hisoblanadi.

Foto: Xiaomi

Yangi YU7 o‘lchamlari jihatidan o‘rta va yirik SUV segmentiga kiradi. Uning uzunligi 4 999 mm, eni 1 996 mm, balandligi esa 1 600 mm dan 1 608 mm gacha. G‘ildirak bazasi 3 000 mmni tashkil qiladi. Texnik jihatdan model orqa g‘ildirakdan tortuvchi bitta elektromotor bilan jihozlangan. Motorning maksimal quvvati 235 kW yoki 315 ot kuchiga teng.

Avtomobilda CATL kompaniyasi yetkazib beradigan litiy-temir-fosfat, ya’ni LFP akkumulyatori qo‘llanadi. Yangi bazaviy versiyaning vazni 2 200 kgni tashkil qiladi. Bu avvalgi standart versiyadan 115 kg yengilroq.

Xiaomi YU7 ilk bor 2025-yil 18-iyunda taqdim etilgan. O‘sha vaqtda krossover narxi 253,5 ming yuandan 329,9 ming yuangacha, ya’ni taxminan $37,3 mingdan $48,5 minggacha bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi YU7 GT Xitoy bozoriga besh xil rangda chiqishi haqida yozgan edi.