Andijonda noqonuniy yer savdosiga aralashgan mansabdorlar ushlandi

eʼlon qilindi
Holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda
Foto: Pexels.com

Andijon viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotish va ijaraga berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi. Ular jami $55 mingdan ortiq mablag‘ni pora sifatida talab qilishgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasining qator xodimlari Katta Farg‘ona kanali himoya hududidagi 30 sotix yer maydonini chorvachilik uchun ijaraga rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan. 2-Shahrixon bo‘limi 3-gidrouchastkasi boshlig‘i buning evaziga $40,5 ming talab qilib, shundan $20 mingini olayotganda ushlangan.

Foto: DXX

Tezkor tadbir davomida mazkur jinoyatga boshqarma bo‘lim boshlig‘i ham aloqadorligi aniqlanib, u $3 ming olayotganida qo‘lga olingan. Shuningdek, ayni shu yerdan ijarada foydalanib kelayotgan gidrouchastka xodimi uni bo‘shatib berish uchun qo‘shimcha $19 ming talab qilgani ma’lum bo‘lgan.

Boshqa bir holatda, Oltinko‘l tumanidagi ta’lim muassasasi direktori muassasa hududidagi 1,1 gektar yerni xususiylashtirish uchun tuzilgan shartnomani tasdiqlab berishni va’da qilgan. Bu yer avvalroq xususiy avtomaktab tomonidan auksionda yutib olinganiga qaramay, direktor shartnomani tasdiqlash uchun $15 ming so‘ragan va $10 ming olayotganda qo‘lga tushgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Fuqarolardan shunday holatlarga duch kelganda DXXning 1520 qisqa raqamiga xabar berishlari so‘ralmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri o‘qishga va ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek