
«Manchester Yunayted» sardori Bruno Fernandesh rasman Angliya Premer-ligasida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi. Futbolchi Tyerri Anri va Kevin de Bryuynening tarixiy rekordini takrorladi.

Portugaliyalik 31 yoshli futbolchi jamoasini kuchli uchlikka va Elit Chempionlar ligasiga olib chiqdi. U mavsum davomida 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 20 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u 132 ta xavfli vaziyat yaratib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha liganing yaqqol peshqadami bo‘ldi.
Bruno mavsum davomida 20 ta golli uzatmani amalga oshirib, APL tarixida bir mavsumda eng ko‘p assist berish bo‘yicha Tyerri Anri (2002/03) va Kevin de Bryuyne (2019/20) o‘rnatgan tarixiy rekordni takrorladi. Qolaversa, u «Manchester Yunayted» tarixida Devid Bekxemga tegishli bo‘lgan bir mavsumdagi eng ko‘p assist (15 ta assist, 1999/2000) rekordini yangiladi.
«Arsenal» futbolchisi Deklan Rays 28 foiz ovoz bilan Fernandeshdan keyin ikkinchi bo‘ldi. 19 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan «Arsenal»ning yana bir a’zosi David Raya ham ushbu sovrin uchun nomzodlik qilgan edi.
Avvalroq Kursiv nashri «Istanbul Bashakshehir» Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.