O‘zbekistonning davlat qarzi ma’lum bo‘ldi, Shomurodov va Fayzullayev Konferensiyalar ligasida o‘ynaydi — 23-maydagi yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Kursiv Uzbekistan 23-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: Pexels.com

Kursiv Uzbekistan 23-may kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi

O‘zbekistonning davlat qarzi $47 milliardga yaqinlashdi

Foto: pexels.com

O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 2026-yilning dastlabki uch oyi yakunlariga ko‘ra $46,9 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berildi.

Davlat qarzining asosiy yuklamasi tashqi majburiyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, tashqi qarz $39,7 mlrdga yetdi. Bu jami qarz portfelining 84,6 foizini tashkil qiladi. Davlat ichki qarzi esa $7,2 mlrd darajasida qayd etildi.

Tashqi qarzning katta qismi, ya’ni $20,7 mlrd qat’iy belgilangan foiz stavkalarida jalb qilingan. Yana $18,7 mlrd mablag‘lar esa o‘zgaruvchan foiz stavkalariga bog‘langan. Tashqi qarzning $38,6 mlrd xorijiy valyutada, qolgan $1,08 mlrd esa milliy valyutada olingan.

Javohir Sindarov Super Chess Classic turnirida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi

Foto: Facebook / Grand Chess Tour

Ruminiyada o‘tayotgan Super Chess Classic 2026 turnirining 8-turida Javohir Sindarov niderlandiyalik Jorden van Forestni mag‘lub etdi. Ushbu g‘alaba orqali o‘zbekistonlik grossmeyster jonli reytingda kuchli beshlikka kirdi.

Javohir Sindarov qora donalarda harakat qilib, murakkab endshpilda g‘alaba qozondi. Ushbu natija va asosiy raqobatchi Anish Girining mag‘lubiyati Sindarovni jonli reytingda 6-o‘rindan 5-o‘ringa ko‘tarilishiga yordam berdi.

8-turning boshqa bahslarida Bogdan-Daniyel Dyak Anish Girini mag‘lub etdi, Fabiano Karuana va Vinsent Kaymer hamda Praggnanandxa Rameshbabu va Maksim Vashye-Lagrav durang o‘ynadi. Uesli So esa Alirizo Firuzja ustidan g‘alaba qozondi.

Bruno Fernandesh APLning eng yaxshi futbolchisi deb topildi

Foto: Instagram / brunofernandes8

«Manchester Yunayted» sardori Bruno Fernandesh rasman Angliya Premyer-ligasida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb e’lon qilindi. Futbolchi Tyerri Anri va Kevin de Bryuynening tarixiy rekordini takrorladi.

Portugaliyalik 31 yoshli futbolchi jamoasini kuchli uchlikka va Chempionlar ligasiga olib chiqdi. U mavsum davomida 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 20 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u 132 ta xavfli vaziyat yaratib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha liganing yaqqol peshqadami bo‘ldi.

Bruno mavsum davomida 20 ta golli uzatmani amalga oshirib, APL tarixida bir mavsumda eng ko‘p assist berish bo‘yicha Tyerri Anri (2002/03) va Kevin de Bryuyne (2019/20) o‘rnatgan tarixiy rekordni takrorladi. Qolaversa, u «Manchester Yunayted» tarixida Devid Bekxemga tegishli bo‘lgan bir mavsumdagi eng ko‘p assist (15 ta assist, 1999/2000) rekordini yangiladi.

Toshkentda Nexia-3 ishtirokidagi YTH oqibatida bir kishi vafot etdi

Foto:  Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida Nexia-3 rusumli avtomobil yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida beton ustunga urildi, yo‘lovchilardan biri halok bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Yo‘l-transport hodisasi 22-may kuni taxminan soat 13:00 da Fayzli Toshkent ko‘chasi 60-uy qarshisida yuz bergan. Nexia-3 mashinasini 2001-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqarayotgan bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanish natijasida u boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilgan.

Hodisa joyida mashinada bo‘lgan va 2000-yilda tug‘ilgan yo‘lovchi olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli vafot etgan. Haydovchiga esa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonliklar 2026-yilda qaysi davlatlarga eng ko‘p sayohat qildi

2026-yilning yanvar – aprel oylarida 2 mln 200 ming 530 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

T/rDavlatFuqarolar soni (nafar)
1Qirg‘iz Respublikasi899 004
2Tojikiston388 452
3Qozog‘iston354 859
4Saudiya Arabistoni138 113
5Rossiya115 094
6Turkiya70 340
7BAA31 073
8Xitoy23 557
9Tailand16 291
10Misr15 823

Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 83,7 ming nafarga oshgan. 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida o‘zbekistonliklar eng ko‘p borgan davlatlar ro‘yxatida Qirg‘iz Respublikasi yetakchilik qilmoqda 899 ming nafar. Undan keyingi o‘rinlarda Tojikiston (388,4 ming nafar) va Qozog‘iston (354,8 ming nafar) joylashgan.

«Istanbul Bashakshehir» Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

Foto: cysport

Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi Konferensiyalar ligasi saralash bosqichiga yo‘llanma oldi. Jamoa kelasi mavsumni turnirning 2-saralash bosqichidan boshlaydi.

Foto: Instagram / ibfk2014

Turkiya Superligasining yakunlangan mavsumida «Bashakshehir» 57 ochko bilan 5-o‘rinni egalladi. Dastlab bu o‘rin yevrokuboklar uchun yetarli emas edi. Biroq 3-o‘rinni olgan «Trabzonspor» Turkiya kubogi finalida g‘alaba qozonib, Yevropa ligasi yo‘llanmasini naqd qildi. Natijada chempionat orqali beriladigan Konferensiyalar ligasi yo‘llanmasi 5-o‘rindagi «Bashakshehir»ga o‘tdi.

Dam olish kunlari qaysi banklarda valyuta ayirboshlash mumkin

Foto: pentagroup.com

23 – 24-may kunlari 22 ta tijorat banklari tomonidan valyuta ayirboshlash va xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, haftaning dam olish kunlari mazkur banklar valyuta ayirboshlash va pul o‘tkazmalari shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda:

24/7 rejimida ishlovchi avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash bankomatlari kunu tun xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, tijorat banklarining mobil ilovalari orqali ham kunning istalgan vaqtida valyuta ayirboshlash amaliyotini bajarish mumkin.

«The Boys» serialining prikveli «Vought Rising» treylerini namoyish etdi

Ekran tasviri

Prime Video platformasi «Yigitlar» («The Boys») serialining prikveli hisoblangan «Voutning yuksalishi» («Vought Rising») loyihasining ilk treylerini ommaga taqdim etdi. Serialdagi asosiy voqealar o‘tgan asrning 50-yillariga borib taqaladi.

Yangi loyihada yosh Soldier Boy qahramoni gavdalanadi va uning rolini aktyor Jensen Ekls ijro etadi. Namoyish etilgan treylerda superqahramonlarni yaratishda qo‘llaniladigan V birikmasi inyeksiyalari hamda Stormfront personaji ko‘rinish bergan. Shuningdek, qonli sahnalar orqali personajlarning qorong‘i o‘tmishiga urg‘u berilgan.

«Yigitlar» («The Boys») serialining yakuniy epizodi namoyish etilganidan atigi bir necha kun o‘tib e’lon qilingan ushbu prikvel 2027-yilda ekranlarga chiqishi belgilangan. Manbaga ko‘ra, avvalroq «V avlod» («Gen V») prikvel loyihasi Prime Video tomonidan bekor qilingani sababli muxlislar yangi serialga qisman shubha bilan yondashmoqda.

Shuningdek